
BAA energetika va infratuzilma vazirligi bilan vodorod va qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlik aloqalari o'rnatildi
Joriy yilning 19-oktabr sanasida “InnoWeek.Uz-2022» doirasida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, energetika vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vazirligi o'rtasida energetika sohasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish bo'yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Onlayn formatda tashkil etilgan imzolash marosimida Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova, energetika vazirining birinchi o'rinbosari Azim Ahmedxadjaev hamda BAA energetika va Infratuzilma vaziri o'rinbosari Sharif al Olama o'rtasida «Vodorod va qayta tiklanuvchi energiya sohasida innovatsion loyihalarni qo'llab-quvvatlash to'g'risida» anglashuv memorandumi imzolandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi studiyasidan BAA energetika va Infratuzilma vazirligining vakolatli vakili sifatida “InnoWeek.Uz-2022» innovatsion g'oyalar haftaligiga tashrif buyurgan vazirlikning Tadqiqotlar va Rivojlanish markazi (R&D) direktori, Innovatsiyalar bo'yicha bosh direktor (Chief Innovation officer) Nasiba al Marzuqiy ishtirok etdi.
Hamkorlik kelishuvi vazirliklar o'rtasida ekologik toza energiyaga o'tish hamda vodorod va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida qo'shma tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, sohada pilot loyihalarni tashkil etish, tajriba-bilim va texnologiyalar transferi, salohiyatni oshirish bo'yicha texnik seminarlar tashkil etish, malaka oshirish va stajirovka dasturlari, mutaxassislar va tadqiqotchilar almashinuvi kabi asosiy yo'nalishlarni qamrab olgan.
Uchrashuvda tomonlar erishilgan hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlarga katta qiziqish bildirib, sohada birgalikda ijobiy natijalarga erishishdan manfaatdor ekanliklarini ta'kidlab o'tishdi.
Uchrashuv so'ngida Innovatsion rivojlanish vazirligining Tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni rivojlantirish boshqarmasi, Ilm-fan va innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi mas'ullari hamda BAA tomoni vakili Nasiba al Marzuqiy o'rtasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.