
Iqlim o'zgarishi moslashuviga qaratilgan yashil innovatsiyalar konferentsiyasi bo'lib o'tdi
18-oktabr kuni «InnoWeek.Uz-2022» innovatsion g'oyalar haftaligi doirasida «Iqlim o'zgarishi moslashuviga qaratilgan yashil innovatsiyalar” mavzusidagi xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Mazkur konferentsiyada ishtirok etish uchun Germaniya, Kanada, Pokiston, Qozog'iston, Qirg'iziston Tojikiston va Mongoliyadan 70 dan ziyod olimlar, professorlar, tadqiqotchilar, tashkilot rahbarlari va ekspertlar tashrif buyurishdi.
Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berdi.
– Bugun jahon hamjamiyati iqlim o'zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova. – Er sayyorasida umumiy haroratning ko'tarilishi atrof muhitning, ayniqsa, atmosfera havosining zararlanganligini ko'rsatuvchi asosiy ko'rsatkichlardan biridir.
«Yashil innovatsiya»ning yagona ta'rifi mavjud bo'lmasada, u odamlarning farovonligini va ijtimoiy tengligini yaxshilaydigan, ekologik xatarlarni va tabiiy resurslarning etishmasligini sezilarli darajada kamaytiradigan, atrof-muhitni himoyalagan holda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiqi tushuniladi.U uchta maqsadga erishishga yordam beradi: iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy farovonlikni saqlashga va oshirishga.
Konferentsiya 6 sessiyadan tashkil topgan bo'lib, konferentsiyaning 3- va 6- sessiyalari ochiq munozara tarzida o'tkazildi. Ularda qatnashuvchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar javob berib, o'zaro fikr almashishdi. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, iqlim o'zgarishi tufayli sodir bo'lishi mumkin bo'lgan bir qator oqibatlar, okeanlar sathi ko'tarilishi, SO2 kontsentratsiyasi atmosfera havosida ortishi, suv resurslari taqchilligining kuchayishi, shuningdek hududlarda ichimlik suvining etishmasligi hamda muzliklar va qor qoplamlarining kamayib borishi, qurg'oqchilik takrorlanishining ko'payishi kabilarni yuzaga kelishi mumkin deya ta'kidladi.
Konferentsiya davomida iqtisodiy va moliyaviy innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, texnologik innovatsiyalarni rag'batlantirish hamda «yashil» ish o'rinlarini tashkil etish uchun zarur bo'lgan bozor va narx-navo mexanizmlarini shakllantirish mavzusida so'z bordi. Shuningdek, innovatsion siyosat va huquqiy innovatsiyalarni tatbiq qilish, shu jumladan, iqlim o'zgarishi bilan bog'liq xatarlarni baholash, qishloq xo'jaligi va «yashil» iqtisodiyot strategiyalarini amalga oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Konferentsiya davomida tadbirni hamkorlikda tashkil qilayotgan Germaniyaning Markaziy Osiyo barqaror innovatsiyalar byurosi (CASIB) rahbari Dr. Peter Liebelt shunday dedi: «Iqlimning antropogen o'zgarishi hozirgi zamonning eng muhim muammolaridan biri bo'lib qolmoqda. Uning oqibatlari O'zbekistonda va butun Markaziy Osiyoda allaqachon yaqqol sezilmoqda. Cho'llanishning kengayishi, qurg'oqchilik va suv tanqisligi kabi oqibatlar ortib bormoqda. Bular yillar davomida dolzarb muammolar bo'lib qolaveradi. Bu masalalarni doimiy ravishda, jumladan, yuqori sifatli, xalqaro miqyosdagi va innovatsion tadqiqotlar orqali hal qilish lozim».
Peter Liebelt, shuningdek, O'zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan ikki tomonlama ilmiy hamkorlik tadbirlari ham yuqori darajada davom etayotganidan xursandligini ta'kidladi.
–– Birinchi ikki tomonlama nemis-o'zbek tadqiqot loyihasi 1-sentabrda boshlandi, –dedi CASIB rahbari. – Loyiha suv, energiya va oziq-ovqat xavfsizligi uchun barqaror suv tejovchi sug'orish texnologiyalariga qaratilgan. Beshta loyiha dekabr va yanvar oylarida boshlanadi, yana to'rtta loyiha 2024-yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Biz bu yangi loyihalar bo'yicha nemis va o'zbekistonlik tadqiqotchilarning natijalarini kutmoqdamiz, – deydi Peter Liebelt.
«InnoWeek.Uz-2022» innovatsion g'oyalar haftaligining keyingi uch kuni davomida innovatsiyalarni ilgari surish bo'yicha yangi samarali g'oyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini berish maqsadida seminarlar tashkil etiladi.