Ko‘zi ojizlar uchun “Spelling audio dictionary” audio qo‘llanmasini yaratish
Bugungi kunda tiflopedagogika
sohasida ko‘rish imkoniyati cheklangan ta’lim oluvchilar (Maktab-internat
o‘quvchilari, talabalar) uchun xorijiy tillar, xususan ingliz tilini o‘qitishda
maxsus adabiyotlar yaratish yechimtalab muammo sifatida kun tartibidan o‘rin
olgan. Ta’lim muassasalarida soha mutaxassislari dars jarayonlarini odatiy
manbalarni ko‘zi ojizlarga moslashtirgan holda olib bormoqdalar. Biroq bu
jarayon har bir pedagogning individual salohiyatidan kelib chiqib amalga
oshirilishini inobatga oladigan bo‘lsak, mazkur amaliyot hamisha ham samarali
natija bermasligi mumkin. Shu ma’noda, ushbu loyiha doirasida tayyorlanuvchi
audiolug‘at ko‘zi ojizlarni tiflopedagogika metodlariga xos ravishda ingliz
tili borasidagi bilimlarini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, ushbu kitob
ko‘zi ojizlarga til o‘rgatishda nafaqat OTMlar, balki maxsus ta’lim
muassasalaridagi ingliz tili o‘qituvchilari uchun ham qo‘shimcha adabiyot
hisoblanadi.